Bog‘izog‘on sanoat zonasidagi tadbirkorlar faoliyati tahlil qilindi
Toyloq tuman hokimi Behzod Raxmatullayev tomonidan Bog‘izog‘on sanoat zonasida yer maydonlari ajratilgan, biroq belgilangan muddatlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlamagan tadbirkorlar holati tahlil qilindi.
O‘rganish davomida ayrim loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilmagani aniqlanib, mazkur holat sanoat zonasining to‘liq quvvatda ishlashiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Tahlil yakunida tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilib, har bir loyiha bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi hamda faoliyatni tez fursatda boshlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, belgilangan talablar bajarilmagan taqdirda qonunchilik doirasida choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.