“KIMYOGARLAR-2” KICHIK SANOAT ZONASIDA YANGI LOYIHALAR AMALGA OSHIRILADI

14-May, 2026-yil

 

Pastdarg‘om tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish orqali iqtisodiy faollikni oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Jumladan, tumanning Kamolot mahallasida joylashgan “Kimyogarlar-2” kichik sanoat zonasida bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Mazkur kichik sanoat zonasi 3 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 12 ta lotga bo‘linib, auksion savdolari orqali tadbirkorlarga sotilgan. Bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan loyihalash ishlari olib borilmoqda.

 

Hududda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish va saqlash (avtomobil buferi), qurilish materiallari ishlab chiqarish (fiksatorlar), oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (bulochka, chips, shirinliklar), shuningdek buyum va jihozlarni qum bilan tozalash kabi yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Ushbu loyihalar natijasida 120 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

 

Tuman hokimi J.Pardayev tegishli masʼullar hamrohligida hududda bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashdi hamda ularning loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

 

Uchrashuv davomida qurilish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash, ishlab chiqarish jarayonlarini tez fursatda yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish yuzasidan masʼullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech